“OLTIN GEPARD” IKKINCHI XALQARO KINOFORUMI

Toshkentda “Kino-prodyuser-tomoshabin” mavzuida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxtimizda joriy yilning kuzida bo‘lib o‘tadigan “Oltin gepard” ikkinchi xalqaro kinoforumiga tayyorgarlik ishlari haqida atroflicha so‘z yuritildi.

“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamkorligida 2011-yili ilk marta o‘tkazilgan “Oltin gepard” xalqaro Toshkent kinoforumida qirqdan ortiq mamlakat filmlari namoyish etilishi bilan birga taniqli kinochilar, rejissyor va prodyuserlar, multiplikatorlar, tanqidchilar, aktyorlar ishtirok etgandi. Ushbu loyiha o‘zining ezgu g‘oya va maqsadlari bilan yurtimiz va xalqaro miqyosda ixlosmandlarning alohida e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Kinoforum samarasida mamlakatimiz va xorijiy kino ustalari o‘rtasidagi ijodiy muloqotlar, o‘zaro hamkorlik aloqalari ko‘lami yanada kengaydi va mustahkamlandi. Loyiha doirasida o‘tkazilgan mahorat saboqlarida yosh kinoijodkorlar bilim va malakasini yanada boyitdi.

Mazkur kinoforumning g‘oyasi “XXI asr tamaddunlari: madaniyatlar muloqoti” mavzusi hamda “Inson taqdiri: tuyg‘ular falsafasi” shiorida o‘z ifodasini topgan. Kinoforum tanloviga uning g‘oya va maqsadlariga muvofiq bo‘lgan hamda istalgan janrdagi, yaratilishi 2011-2012-yillarda yakunlangan filmlar qabul qilinadi. Filmlar tashkiliy qo‘mita tomonidan tuzilgan komissiya tomonidan saralab olinadi. Tanlovga taqdim etilgan ekran asarlarini baholab boruvchi xorijiy va mahalliy kino arboblaridan iborat nufuzli hakamlar hay’ati tuzildi. Kinoforum tanlovi dasturi to‘liq metrajli badiiy filmlar, qisqa metrajli badiiy filmlar va animatsion filmlar kabi yo‘nalishlardan iboratdir.

You must be logged in to post a comment Login