Navro’z hali hano’z mehmonimiz…

Mana va nihoyat barchamiz orziqib, sog’inib kutgan go’zallik, yasharish va yangilanish timsoliga aylangan ayyom, Bahor fasli o’zining yashil sepini keng yoyib kirib keldi. Aynan ushbu fasl, nafaqat barchaning qalbiga o’zgacha ruhiyat, balki hammamizga qadrdon va sevimli bo’lgan urf-odat va bayramlamlardan ham darak beradi.

Ana shunday bayramlardan biri, bu Navro’zi ayyomdir. Navro’z aslida minglab yillar tarixiga ega bo’lib, bir nechta Sharq xalqlari orasida tantana va o’zgacha mehr ila keng nilshonlanadi. Jumladan, bu bayram ona yurtimiz O’zbekistonda ham uzoq yillar davomida yashab kelgan. Mustaqillik yillarida esa Navro’z qayta qaror topib uning mehr-oqibat, ezgulik ila yo’girilgan, zamirida ko’plab mazmun moyiyat mujassam etgan yangidan yangi qirralari sayqal topdi. Hozirda esa, aynan Sharq xalqlarining turli millat vakillari dunyoning qaysi burchagida bo’lishmasin, Navro’zni katta-katta tadbirlar ila nishonlashadi.

AQSHda ham Navro’z bayrami ancha yillardan beri yurtdoshlarimizni ruhan birlashtirish, vatan hissini ularga ulashishdek ezgulik sifatida xizmat qilib kelmoqda. Shu qatorda, ushbu yilning 14-inchi Aprel kuni Nyu Yorkning qoq markazi bo’lgan Manhattanda joylashgan ASA kollejida Navro’z o’zgacha tantana ila nishonlandi. Ushbu tadbirda oltmishtadan ziyod mehmonlar tashrif buyurishdi. Mehmonlarning katta qismini O’rta Osiyoning turli mamlakatlaridan kelib ushbu kollejda tahsil olayotgan o’quvchilar va ularning do’stlari hamda oila a’zolari tashkil etishdi. Ularning asosiy qismi O’zbekistonlik yurtdoshlarimizdan iborat bo’lsada, bizning urf-odatlarimiz, an’analarimiz, o’yinlarimiz va aynan boshqa xalqalarda uchramaydigan bir biridan qiziq bayram marosimlarimizni shaxsan guvohi bo’lish uchun tashrif buyurgan boshqa xalq vakillari ham kam emas edi.

Tadbirda mehmonlar uchun maxsus tayyorlangan somsa, palov kabi bir qator o’zbek milliy taomlari, turli tuman shirinliklar va albatta Navro’zdagi taomlar haqida so’z borganda birinchi navbatta ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladigan «sumalak» tortiq etildi. Sumalakni esa AQSHdagi O’zbeklar jamiyati rahbari Sanobar opa Boboxonova aynan ushbu tadbir uchun tayyorlaganlar. Tadbir davomida mehmonlarimizga yanada xush kayfiyat ulashish maqsadida turli xil milliy oyinlarimizda ular bilan birgalikda ijro etildi.

Ayniqsa, «Kim Oladi-yo» o’yini ASA kollejda tahsil olayotgan tengdoshlarimizdan, bir qator o’zbek yigitlari ustalik bilan ijro etib berishdi. Shu bilan birgalikda 12-inchi sinf bitiruvchisi, Mehribon Saidmurodova «Samarqandcha Kelin Salom» marosimida kelin rolini mahorat bilan ko’rsatib berdi. Iqtidorli raqqosa Nilufar Irgasheva esa o’zining betakror raqslani bilan barchani maftun etdi. Barcha mehmonlar o’yinlarda faol qatnashib turli tuman sovg’alarga ega bo’lishdi.

Ana shunday go’zal tadbirda boshchilik qilgan tashabbuskor oqila opamiz, ASA Kollejining maxsus tadbirlar bo’limi rahbari Fotima opa Muqimovaga katta minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz. Ularning aytishlaricha: «Ushbu kungi tadbirdan ko’zlangan maqsad ham aynan yurtdoshlarizni birlashtirish, buyuk madaniyatimizga mansub bo’lgan yuksak fazilatlar ila oz bo’lsada ma’naviy ozuqa ulashish, hamda azaldan meros bo’lib kelayotgan urf-odat, an’analarimizga sodiq qolish edi».

Tadbir oxirida bir nechta mehmonlarimizdan bayram haqidagi taasurotlari borasida o’z fikrlarini ulashishlarini so’radik:

Mahbuba Ergasheva, Hunter Kollej o’quvchisi:

»ASA kollejida bo’lib o’tgan Navruz bayrami juda yaxshi ham maroqli bo’ldi. Men bu tadbirdan juda ko’p taasurotlarga ega bo’lib qaytdim. Ayniqsa, raqqosa Nilufar Ergashevaning go’zal va betakror raqslari bayram ko’rkiga ko’rk qo’shdi. Qolaversa, bayramda bo’lib o’tgan turli-tuman, va qiziqarli o’yinlar, tomoshabinlar faolligini yanada oshirdi. Amerika kollej va institutlarida ham Nilufar Salimovaga o’xshagan faol tengdoshlarimiz, Fatima opa Muqimova kabi yetakchi rahbarlarimiz yordamida mana shunaqa tadbirlar o’tkazib turilishini judayam xohlardim. Bunaqangi tadbirlar orqali biz o’zligimizni, madaniyatimizni, o’zbek bayramlarini va urf-odatlarini yanaqa mustahkamlab, chet elliklarga namoyon qilib, o’zga ellarda yashayotgan yoshlarimizga juda katta ibrat bo’ishini istardim!»

 

Sitora Ashrafova, ASA kollejining 2010 yil bitiruvchisi, hozirda CUNY o’quvchisi:

«Garchi ASA kollejini bitirgan bo’lsamda, Navro’zni nishonlayotganlarini eshitib aynan shu kun uchun alohida vaqat ajratdim. O’zga yurtlarda bo’la turib turib ham o’zligimizga sodiq bo’lib kelayotgan xalqimizga qoyil qolmay ilojimiz yo’q albatta. Ana shunday milliylik ruhida charxlangan bayramlar ko’proq bo’laversa nafaqat mehmonlar, balki boshqa yurtlarda, boshqa tilda tahsil olayotgan yoshlarimizning o’z tillariga, madaniyatlariga bo’lgan dunyo qarashlarlari ham o’zgarardi degan fikrdaman. ASA kollejga o’z minnatdorchiligimni bildirib qolaman»

Nigina Salimova, Abraham Lincoln High School 12-sinf bitiruvchisi:

«Bugungi bayramga men o’zim bilan birgalikda o’z do’stlarimni, sinfdoshlarimni ham olib kelgan edim. Juda-juda xursand bo’lib qaytishdi. Shaxsan o’zimga ham bayram juda ham yoqdi. Eng asosiysi hammamiz o’zimizni xuddi o’z yurtimizda bayram nishonlayotgandek his qildik. Haligacha bayramda tortiq qilingan sumalakning ta’mi og’zimizdan…go’zal raqslar, o’yinlar, va hatto Kelin Salom kabi ijrolar ko’z o’ngimizdan ketib ulgurmadi.»

Yana bir bor barchangizni Navro’zi ayyom bilan chin yurakdan tabriklaymiz. Bahor hammangizga eng avvalo tinchlik, beg’uborlik, tabassum, qut-baraka, va albatta oilaviy baxt keltirsin. Har oningiz bayram kayfiyatiga to’lsin. Zero bizning xalqga Navro’z kabi bayramlar yarashadi.

Nilufar Salimova,

 ASA Kollejining 2011-yil bitiruvchisi

You must be logged in to post a comment Login