Aka-uka Sobirovlar Nyu Yorkda

Kuni kecha Amerikaning New-York shahrida aka-uka Og’abek Sobirov hamda Anvar Sobirovlar konsert dasturlarini namoyish qilib o’z muxlislarini xursand qildilar .

         

Konsertni estrada yulduzi, kino aktiyor Anvar Sobirov ‘‘Yagonasan muqaddas vatan’’ qo’shig’i bilan ochib berdi va chin ma’noda vatandoshlarimiz olqishlariga sazovor bo’ldi. So’ngra Anvar Sobirov yurtdoshlarimizni vatanimiz mustaqilligining 20 yillik to’yi bilan qizg’in tabriklab barchani raqsga taklif qildi va sho’x qo’shiqlarga navbatni berdi.

         

Uning sho’xchan harakatlar bilan kuylagan qo’shiqlariga zalda raqsga tushmagan muxlis qolmadi. So’ngra saxnaga kechaning qaxramoni O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, Xorazm bulbuli Og’abek Sobirov taklif qilindi. Muxlislar xonandani guldiros qarsaklar bilan kutib oldilar. Og’abek Sobirov muxlislarga, qolaversa Amerikadagi barcha vatandoshlarimizga jannatmakon O’zbekistonimizdan qaynoq salom olib kelganini aytdi va yurtdoshlarimizni mustaqilligimizning 20 yilligi bilan muborakbod qildi. Xonanda davomiy olqishlardan so’ng vatanni madh qilguvchi qo’shiq kuyladi.

        

Xorazm bulbuli kuylagan qo’shiqlar zalda o’tirgan har bir muxlisning ko’ngliga o’zgacha iliqlik, o’zgacha ko’tarinki kayfiyat baxsh etdi. Konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarning kechadan nihoyatda mamnun ekanliklari ularning sho’x qo’shiqlarga tinmay raqsga tushayotganliklaridan yaqqol sezilib turardi. Xonanda muxlislari yuzidagi tabassumni ko’rib o’zi ham ularga qo’shilib raqsga tushib ketdi.

        

Bir qancha sho’x qo’shiqlardan keyin Og’abek Sobirov qo’liga tor olib mumtoz qo’shiqlardan bir juft ijro qilib berdi. Jonli ovozda kuylangan qo’shiqlar Og’abek Sobirovning haqiqatdan ham ‘‘Xorazm bulbuli’’ degan maqomga munosib ekanligining yana bir isboti bo’ldi. Xonanda konsert so’ngida Xorazm lazgisini kuylab muxlislari oldiga tushar ekan u muxlislar qurshovida qolib ketdi. Konsertning nihoyatda fayzli bo’lgani aka-uka Sobirovlarning muxlislari oldidagi yana bir imtixondan muvaffaqiyatli o’tganliklaridan dalolat beradi.

SARDORBEK RO’ZIEV.

You must be logged in to post a comment Login