Nyu Yorkda Navro’z


Bahor fasli kirib kelib, kelinchakdek o’z yashil sepini yoyishi bilan, birin-ketin go’zal bahoriy bayramlar ham nishonlana boshlandi. Shunday ajoyib o’zbekona bayramlardan biri Navro’zi olamdir. Navro’z bayrami kecha va kunduzning tenglashgan payti – 21-22 mart kunlaridan boshlab bir hafta-o’n kun davomida nishonlanadi. Bu bayram ona tabiatning jonlanishi, uyg’onishi va yangilanishi bilan bog’liq bo’lganligi bilan ham qadrlidir. Navro’z nafaqat biz o’zbeklarning, balki tojik, qozoq, qirg’iz, turkman, umuman, butun O’rta Osiyo xalqlarining milliy bayramidir. Bu bayram bahonasida qardosh xalqlar bir-birlarining o’ziga xos milliy urf-odatlarini to’ldirib, boyitib keladilar. Ular o’rtasidagi do’stlik yanada mustahkamlashadi.


Shu kunlarda Ona yurtimizning har bir burchagida Navro’z ayyomi keng tarzda xursandchilik bilan nishonlanmoqda, bahoriy Navro’z taomlari sumalak, ko’k somsa, halimlar dasturxonning to’rini egallagan.

Shu jumladan, ummon ortida, Amerika Qo’shma Shtatlarida, yashovchi o’zbeklar ham bu bayramni o’zgacha bir ruhda, ko’tarinki kayfiyatda nishonlashdi. Nyu Yorkdagi O’zbek TV tomonidan uyushtirilgan bayram 2012-yil 21-mart kuni “Orion Palace” restoranida bo’lib o’tdi.

Bayramda O’zbekiston xalq artisti Muhabbat Shamayeva, Tojikistonda xizmat ko’rsatgan artist Tamara Katayeva, hamda o’zbek yulduzlari Sayfiddin Pazletdinov, Karomat Otajonova, Jamshid Tuychiyev, Maykl Malakov va boshqa bir qancha xonandalar ishtirok etib, o’z xonishlari bilan tashrif buyurgan mehmonlar ko’nglini xushnud qilishdi. Bayram dasturini aktyor Ahmad Berdimurodov hamda boshlovchi Dilshod Zokirovlar qiziqarli tarzda olib borishdi.

Kechada go’zal kuy-qo’shiqdan tashqari, “Navro’z – qadriyatimiz” mavzusida savol-javob viktorinasi ham bo’lib o’tdi. Viktorinada Navro’zning kelib chiqish tarixi, Sharq xalqlari hayotidagi o’rni haqida, milliy urf-odatlarimiz to’g’risidagi savollar berildi. To’g’ri javob egalari Uzbek TV New York tomonidan ajoyib sovg’alar bilan taqdirlandilar.

Mehmonlar tomonidan tabrik so’zlari aytildi. Go’zal ashula va raqslar kechgacha davom etdi. Dastur so’nggida bayram mehmonlariga New Yorkda nashr etilayotgan ilk o’zbek jurnali “Uzbegim” taqdim etildi.

Barcha mehmonlar bayramdan mamnun tarzda, lablarida tabassum, qalblarida quvonch bilan uyga qaytishdi. Aminmanki, barcha yurtdoshlarimiz o’zlarini bir zum bo’lsa-da Ona Yurtimizda o’tirgandek his qilishdi. Buni ularning ko’zlaridan ham bilish mumkin edi.


Ushbu kecha haqidagi to’liq ko’rsatuvni «Uzbek TV New York» telekanali orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Fayoza Rakhmanova

You must be logged in to post a comment Login