Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun

Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron, Janubiy Koreya, Qatar hamda Livan futbolchilari bilan bahs yuritadi

Kecha Kuala-Lumpur (Malayziya)da futbol bo‘yicha 2014 yili Braziliyada bo‘ladigan jahon chempionati Osiyo mintaqasi saralash uchrashuvlarining hal qiluvchi bosqichiga qur’a tashlandi.

Ushbu bosqichda qit’amizning eng kuchli o‘nta terma jamoasi musobaqaning final bosqichiga beriladigan 4,5 ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi. Qur’aga ko‘ra, ishtirokchilar beshtadan ikki guruhga bo‘lindi.

Vadim Abramov bosh murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi musobaqaning «A» guruhidan joy oldi.  Taqvimga muvofiq, futbolchilarimiz dastlabki turda 3 iyun kuni Toshkentda Eron terma jamoasiga qarshi maydonga tushadilar.

To‘rtinchi saralash bosqichida ishtirok etadigan jamoalar quyidagi guruhlarda o‘zaro bahs yuritishadi:

«A» guruhi: Janubiy Koreya, O‘ZBEKISTON, Eron, Qatar, Livan

«V» guruhi: Avstraliya, Iroq, Iordaniya, Ummon, Yaponiya.

— Umuman barcha jamoalarda imkoniyat bir xil, — dedi terma jamoamiz bosh murabbiyi V.Abramov qur’adan so‘ng. — Bu bosqichga yo‘llanma olgan barcha jamoalar jahon chempionatiga borishni xohlaydi. Ularni kuchli va kuchsizlar toifasiga ajratib bo‘lmaydi. Jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish har bir terma jamoaning o‘z qo‘lida. Unda futbolchilarimizning imkoniyatlariga keladigan bo‘lsak, barcha raqiblarimiz bilan cho‘chimasdan bemalol o‘ynashimiz mumkin. Eng muhimi, zarur vaqtda jamoamizning yetakchi va tajribali o‘yinchilari jarohat olmasa, o‘zining optimal formasini yo‘qotmasa bo‘ldi.

Uchrashuvlar yakuniga ko‘ra, har bir guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Braziliya yashil maydonlarida to‘p surish imkoniyatini qo‘lga kiritsa, o‘z guruhida uchinchi pog‘onani band etgan futbolchilar «pley-off» o‘yinlari orqali jahon chempionati final bosqichi yo‘llanmasi taqdirini hal qiladi.

Mamlakatimiz bosh jamoasi joy olgan

«A» guruHi uchrashuvlar taQvimi:

1-tur. 2012 yil  3 iyun

O‘zbekiston — Eron, Livan — Qatar.

2-tur. 8 iyun

Qatar — Janubiy Koreya, Livan — O‘zbekiston.

3-tur. 12 iyun

Janubiy Koreya — Livan, Eron — Qatar.

4-tur. 11 sentyabr

Livan — Eron, O‘zbekiston — Janubiy Koreya.

5-tur. 16 oktyabr

Qatar — O‘zbekiston, Eron — Janubiy Koreya.

6-tur. 14 noyabr

Eron — O‘zbekiston, Qatar — Livan.

7-tur. 2013 yil 26 mart

Janubiy Koreya — Qatar, O‘zbekiston — Livan.

8-tur. 4 iyun

Livan — Janubiy Koreya, Qatar — Eron.

9-tur. 11 iyun

Eron — Livan, Janubiy Koreya — O‘zbekiston.

10-tur. 18 iyun

O‘zbekiston — Qatar, Janubiy Koreya — Eron.

You must be logged in to post a comment Login